E'tirof

Akademik Akmal SAIDOV

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida mamlakat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni joriy yilda mantiqiy davom ettirish va yuksak bosqichga ko'tarishning ustuvor yo'nalishlarini belgilab berdi.

Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvarda qabul qilingan “2017—2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to'g'risida”gi farmonida ushbu yo'nalishlardagi eng muhim vazifalar ko'zda tutilgan.
Davlat rahbari ta'kidlaganidek, “Biz qanchalik qiyin bo'lmasin, chekka-chekka hududlarda ham “Jinoyat haqiqati va adolati” tamoyilini albatta joriy etishimiz kerak. Ya'ni, jinoyat so'zsiz fosh etilishi va aybdor jazolanishi shart. Bu masalaga faqat huquq-tartibot organlarining vazifasi, deb qaramasdan, butun jamiyatimiz birlashib, qattiq kurash olib borishi zarur”.

Ushbu mas'uliyatli vazifa O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi rahbariyati, o'qituvchi-pedagoglar tarkibi va tinglovchilari zimmasiga ham ulkan mas'uliyat yuklaydi. Binobarin, ushbu nufuzli ta'lim muassasasi Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan Harakatlar strategiyasi talablari doirasida qayta tashkil etilgani xuddi shuni taqozo etadi.

Mamlakatimiz rahbarining 2018 yil 8 mayda qabul qilingan “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi bo'yicha o'tgan qisqa davrda sezilarli natijalarga erishilgani tahsinga loyiqdir. 

Xususan, Akademiya mutlaqo yangi formatda va innovatsiyalar asosida faoliyat olib boradigan zamonaviy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida shakllantirildi. Ayni paytda yurtimizda prokuratura organlari xodimlari va boshqa kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini tashkil etish hamda fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish bo'yicha izchil hamda istiqbolli jarayonlar boshlab yuborilgan.

Fursatdan foydalanib, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining shijoatli rahbariyati hamda navqiron, tashabbuskor va novator huquqshunoslardan iborat jamoasi faoliyatiga omadu zafarlar tilayman.

3-darajali davlat adliya maslahatchisi Professor Baxtiyor PULATOV:

Bir necha yillardan beri ushbu oliy o'quv dargohida mehnat qilib kelaman. Bir qator shogirdlar chiqarib, ularning qanday zahmatlar bilan ilmiy ishini himoyalaganlarini hali hanuz eslayman. Lekin to'g'risini e'tirof etish kerakki, xodimlarning Akademiyamiz ilmiy salohiyatni yuksaltirishga bo'lgan sa'y-harakatlari har qachongidan ham o'zgacha.

Ilmiy kadrlarni tayyorlash ishlari bag'oyat jonlanganini boshqa oliy o'quv yurtlari professorlari va huquqshunos hamkasabalarimdan eshitish boshqacha g'urur kasb etadi. Ilmiy kengashimiz nufuzi ham tobora oshib bormoqda. Uning tarkibidagi a'zolar zamonamiz talablariga to'la javob beradigan olimlardan tashkil topdi. Quvonarlisi shundaki, yoshlar bilan birgalikda ko'p yillik mehnat tajribasiga ega biz kabi faxriylarni ham e'zozlab, ustoz-shogird an'anasi davom ettirilyapti.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi iqtisodiyot fanlari doktori, professor A.T.Yusupov:

Muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev tomonidan 2018 yil 8 mayda imzolangan “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to'g'risida”gi Farmon Bosh prokuratura tizimida ilmiy kadrlarni tayyorlash ishlariga yangicha hayot baxsh etdi, desam mubolag'a bo'lmaydi. Zero, ushbu tarixiy hujjat Akademiyaning nufuzini yanada oshirish uchun mustahkam poydevor bo'lib, ushbu dargohning ilmiy salohiyatini oshirishga, jamiyat hayotida muhim o'rin tutgan ilmiy muammolarning amaliy yechimini topishga imkon bermoqda.

Birgina o'tgan 2018 yilda Bosh prokuratura Akademiyasi ilmiy jamoasi tomonidan himoya qilingan dissertatsiya ishlariga nazar tashlaydigan bo'lsak, xolisona aytish mumkinki, ilmiy salohiyat avvalgi yillarga qaraganda ham sifat, ham miqdor jihatdan yuqorilashganini guvohi bo'lamiz. Akademiyada faoliyat ko'rsatayotgan professor-o'qituvchilar va malakali mutaxassislar yuridik fanlarning boshqa ixtisosliklari bo'yicha ilmiy kengashlardagi faoliyatlari bilan mamlakatimizda ilm-fanning rivojiga o'z xissalarini qo'shib kelmoqdalar.

Lund universitetining huquq sotsiologiyasi va kriminologiya professori, yuridik fanlari doktori janob Patrik OLSSON (Shvetsiya):

Qiyinchiliklarsiz muvaffaqiyatga erishib bo'lmasligini doimo yodda tuting. Muntazam o'zgarib turuvchi jamiyat talablariga javob beruvchi yangi tashkilotni shakllantirish va oldinga intilish oson jarayon bo'lmasligi mumkin, lekin siz – Akademiya, bunga erisha olasizlar.Bosh prokuratura Akademiyasi hamda uning samimiy va ajoyib xodimlariga kelajakdagi barcha ishlariga omadlar tilayman. Kelajagi – porloq, millat boyligi esa, uning olimlaridadir.

Dr. Patrik OLSSON

Always remember that there will be no success without hardship.

Moving forward and forming a new organization to meet the demands in an ever changing society can be a challenging process but you are the academy to do it.

I wish the AGPO and its open minded and brilliant men and women the best of luck in all of your future endeavors.

The future is bright and the nation's treasure is in its scholars.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yurist, TDYU professori Zamira ESONOVA:

Ilm-fan joy tanlamasligi kerak, deb o'ylayman. Zero, umumiy va yakuniy natija yagonadir, bu ham bo'lsa – Vatan ravnaqi uchun! Shunday ekan, maqsadlarimiz mushtarak. Biroq shu bilan birga ilm sohasidagi sog'lom raqobat bo'lishi tabiiydir. Bosh prokuratura Akademiyasi qayta tashkil etilgach, himoya qilingan dissertatsiyalar sifatiga nazar tashlasak, tan olib aytish kerak, haqiqatdan ham avvalgilaridan saviyasi yuqorilashib, boshqa ayrim huquqshunoslik yo'nalishidagi oliygohlardan ilgarilab ketgani rost. Sababi yangicha muhit va bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar o'zgachadir. Albatta, havas bilan qaraymiz va shunga intilamiz ham. Akademiyada joriy etilayotgan innovatsion usullar va erishilayotgan yutuqlardan o'zimizning ish faoliyatimizda ham qo'llashga intilyapmiz.

Rustam URINBOEV, Xelsinki universitetining Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari bo'yicha dotsenti (Finlyandiya), Lund universitetining katta ilmiy xodimi (Shvetsiya):

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi bilan hamkorlik menga katta zavq beradi.

Akademiya tashkil etilganligiga bir yil bo'lmagan bo'lsa-da, u O'zbekistonning huquq va jamiyat sohasida milliy tadqiqotlar va ta'lim markazi sifatida o'zini ko'rsata oldi. Bu, ayniqsa, Akademiyaning milliy va xorijiy sheriklar ishtirokidagi ko'psonli tadqiqot va ta'lim loyihalarida namoyon bo'lmoqda.

Xelsinki universiteti (Finlyandiya), Lund universiteti (Shvetsiya) vakili sifatida Akademiya bilan samarali va ko'pqirrali hamkorlik o'rnatdim.

O'zbekistondagi joriy islohotlar va ijtimoiy o'zgarishlar jarayonini qo'llab-quvvatlash uchun bizning hamkorligimiz hal qiluvchi ahamiyat kasb etishiga samimiyat bilan umid qilaman.

Akademiya doktoranti Anora DJURAEVA:

Ilm bilan shug'ullanaman deganlar oldinlari turli byurokratik to'siqlardan hafsalasi pir bo'lib, qanchadan-qancha ajoyib g'oyalari amalga oshmasdan ichida qolib ketardi. Endilikda tadqiqot olib borish istagida bo'lgan men kabi yoshlar uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar mavjud.

Akademiya rahbariyatining “Siz ilm-fan sari emas, ilm-fan Siz tomon keladi” yondashuvi alohida tahsinga sazovor. Yosh olimlar qog'ozbozlik bilan shug'ullanish o'rniga aniq ilmiy tadqiqotlari bilan band. Mavzularni rasmiylashtirishga oid barcha harakatlar Ilmiy markaz tomonidan puxta va tezkorlik bilan qisqa muddatlarda amalga oshirilmoqda.

Bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanib, dissertatsiyamiz himoyasini ikki karra tez va sifatli bajarmaslik noshukrlik bo'ladi. Biz albatta, himoya qilamiz!