Maqsad va vazifalar

Akademiyaning asosiy maqsadi prokuratura organlari xodimlari va boshqa kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini tashkil etish hamda fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishdan iborat.

Faoliyatning asosiy vazifalari va yo'nalishlari:

- prokuratura organlari xodimlarining bilim va ko'nikmalarini, shu jumladan, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlashni, shaxsiy va ishchanlik sifatlarini rivojlantirish va  takomillashtirishni, qonunlarga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga so'zsiz rioya etilishi yuzasidan adolat va mas'uliyat kabi yuksak tuyg'ularini shakllantirish hamda mustahkamlashni ta'minlovchi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etish;

- zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, masofaviy ta'limni, o'qitish va treninglarning interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarini keng joriy etish;

- prokuratura organlari faoliyatini ilmiy-metodik jihatdan ta'minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o'tkazish, qonun ustuvorligini ta'minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar hamda tadbirkorlik sub'ektlarining huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasining dolzarb muammolari yuzasidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini, shu jumladan, milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish;

- qonunchilikni takomillashtirish va yagona huquqni qo'llash amaliyotini shakllantirish bo'yicha ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish;

- o'qitishning amaliy xususiyatlari va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikka tayangan holda magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlash;

- prokuratura organlari faoliyati yo'nalishlari bo'yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;

- huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida o'zaro hamkorlik masalalari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish;

- prokuratura organlari faoliyatini psixologik jihatdan ta'minlash, nomzodlarni xizmatga qabul qilishda kasbiy-psixologik tanlov o'tkazish, prokuratura organlaridagi ma'naviy-psixologik muhitni o'rganish va uni yaxshilash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;

- hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o'tkazish, normativ-huquqiy, metodik va tahliliy xususiyatga ega bo'lgan ma'lumotlarni almashish, o'quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, pedagoglar, ilmiy xodimlar va tinglovchilarning stajirovkalarini tizimli ravishda tashkil etish sohalarida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

- o'quv jarayonining sifatini oshirish bo'yicha tajriba almashish, sa'y-harakatlarni birlashtirish maqsadida, yuridik kadrlarni tayyorlovchi, qayta tayyorlovchi va ularning malakasini oshiruvchi ta'lim va ilmiy-tadqiqot, shu jumladan, xorijiy davlatlar muassasalari bilan samarali idoralararo hamkorlikni chuqurlashtirish;

- o'quv jarayoni va ilmiy-metodik ishlarga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, kontrakt asosida konsul`tatsiyalar o'tkazish, shuningdek, boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida chet el ta'lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik o'rnatish va shartnomalar tuzish.