Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish xavflarini aniqlash masalalari bo'yicha xalqaro trening o'tkazildi

Akademiya tomonidan BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi va O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda AQShning O'zbekistondagi elchixonasi ko'magida 2020 yilning 21-24 yanvar kunlari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish xavflarini aniqlash, shuningdek operatsion va strategik tahlil masalalari bo'yicha mintaqaviy trening o'tkazildi.

Tadbirda Qozog'iston, Ukraina va O'zbekistondan xalqaro ekspertlar, shuningdek Akademiya, Departament, Markaziy bank va 11 ta tijorat banklarining vakillari ishtirok etdilar.

Trening davomida FATF tavsiyalari bilan bog'liq operatsion tahlil, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog'liq shubhali faoliyatni tahlil qilish asosiy konsepsiyalari, milliy va sohaviy xavflarni baholash, samarali ichki nazorat elementlari va boshqa masalalar ko'rib chiqildi.

Shuningdek, mijozlarni lozim darajada o'rganish hamda tekshirish bosqichlari bilan bog'liq qator amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.

Tadbir Departament, Markaziy bank va tijorat banklari vakillari o'rtasida mijozlarning faoliyatini o'rganish, ularning operatsiyalarini monitoring qilish samaradorligini oshirish, shubhali operatsiyalar haqida xabar berish kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat yaratdi.

Trening yakunlari bo'yicha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.