«Oliy ta'lim – korrupsiyasiz soha» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazildi

2020 yil 27-28 fevral kunlari Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Oliy Majlis Senati, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), YUNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi ko'magida «Oliy ta'lim – korrupsiyasiz soha» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazildi.

Konferensiyadan ko'zlangan maqsad – oliy ta'lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan huquqiy mexanizm va amaliy chora-tadbirlar qabul qilinishining joriy holatini muhokama qilish, ushbu sohada xalqaro tan olingan standartlar va ilg'or xorijiy tajriba asosida akademik halollik madaniyatini rivojlantirish bo'yicha amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

Konferensiyaning birinchi kunida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro va milliy ekspertlar, shu jumladan YUNESKO eksperti  Myuriel Puasson, Lund universiteti professori Patrik Olsson, Bosh prokuratura Akademiyasi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi xodimlari, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Inxa universiteti va Turin politexnika universiteti, shuningdek milliy oliy ta'lim muassasalari rahbariyati ma'ruzalar bilan chiqish qilishdi.

O'tkazilgan tematik yalpi majlislar doirasida ta'lim olish imkoniyati va xodimlarni ishga qabul qilish, akademik halollik, oliy ta'lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashishda axborot texnologiyalaridan foydalanish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Konferensiyaning ikkinchi kunida Bosh prokuratura Akademiyasida YUNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda milliy oliy ta'lim muassasalari rahbarlari va mas'ul xodimlari ishtirokida «Oliy ta'limda integratsiya, axloq va korrupsiyaga qarshi kurash choralari» mavzusidagi trening o'tkazildi.

Treningda YUNESKO eksperti Myuriel Puasson va Akademiya xodimlari tomonidan ishtirokchilar bilan birga oliy ta'lim sohasidagi korrupsiyaning asosiy va keng tarqalgan xavf-xatarlari, ya'ni manfaatlar to'qnashuvi, plagiatdan foydalanish, o'qishga qabul qilish va bilimlarni baholashdagi poraxo'rlik holatlari, byudjet mablag'larini talon-toroj qilish va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlar tahlil qilindi.

Shuningdek, tadbir davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan tasdiqlangan oliy ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan «Korrupsiyasiz soha» loyihasi yuzasidan tasdiqlangan «Yo'l xaritasi»sining ijrosi samaradorligini oshirish bo'yicha fikr almashildi.

Trening interaktiv shaklda olib borilib, ishtirokchilar kichik guruhlarga bo'lingan holda har bir ta'lim muassasasidagi korrupsiya xavf-xatarlarini aniqlash, ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar, shuningdek buning uchun zarur bo'lgan ekspertlik salohiyati va moliyaviy manbalar belgilab oldilar.

O'tkazilgan tadbir har bir oliy ta'lim muassasasi vakilining korrupsiyani oldini olish bo'yicha kelgusidagi faoliyatida o'z bilim va ko'nikmalarini amaliy jihatdan foydalanishiga xizmat qiladi.

 

http://proacademy.uz/uz/posts/0371

https://m.sputniknews-uz.com/society/20200227/13555344/Ozbekiston-talim-tizimidagi-korruptsiya-sabablari-va-kurashish-choralari-Ismoilov.html

http://xs.uz/uzkr/25447

Видео