Davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish komplaens nazorati tizimini joriy etish bo'yicha seminar o'tkazildi

2020 yil 6 mart kuni Bosh prokuratura Akademiyasi hamda Bosh prokuraturaning Ijtimoiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi bilan hamkorlikda davlat organlarida korrupsiyaga qarshi komplaens nazorati tizimini joriy etish bo'yicha seminar tashkil etildi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha “Korrupsiyaga qarshi kurashish menedjment tizimi (ISO 37001:2016)” xalqaro standartini joriy etish bo'yicha ishchi guruh a'zolari – oliy va o'rta maxsus ta'lim, qurilish, sog'liqni saqlash vazirliklari, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari, Mirzo Ulug'bek va Bo'ka tumanlari hokimliklari, shuningdek Bosh prokuratura, Toshkent shahri va Toshkent viloyati prokuraturalarining mas'ul xodimlari ishtirok etdilar.

Trenerlar sifatida tadbirni «CERT Academy» xalqaro trenerlik kompaniyasi eksperti I.Ineleev hamda Bosh prokuratura Akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi xodimlari olib bordilar.

Seminar davomida universal talablarga ega bo'lgan hamda shakli, hajmi va faoliyat yo'nalishlaridan qat'iy nazar korxonalarda qo'llashga qaratilgan ISO 37001:2016 standartining asosiy qoidalari ko'rib chiqildi. Shu bilan birga, ekspertlar tomonidan ta'kidlanishicha, korrupsiyaga qarshi komplaens nazorati tizimini samarali joriy etishning muvaffaqiyati, aksariyat hollarda tashkilot rahbariyatining manfaatdorlik darajasi va shaxsiy ishtirokiga bog'liq hisoblanadi.

Seminarda tashkilotlar va ularining tarmoqlarida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini joriy etish metodlari, nazoratning alohida turlari bo'lgan kompleks tekshiruvlar, moliyaviy va nomoliyaviy nazoratlar, shubhali holatlar bo'yicha xabar
berish tartibi, shuningdek korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash usullari va ular bo'yicha qaror qabul qilish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Trening interaktiv shaklda o'tkazilib, ishtirokchilar o'zlari uchun muhim masalalar bo'yicha fikr almashishdi va muhokamalarni o'tkazib olishdi.