Prokuratura organlarining sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida xizmat qilayotgan tezkor xodimlari uchun navbatdagi malaka oshirish kursi

Bosh prokuratura Akademiyasida Bosh prokuror tomonidan o'quv jarayonini prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqligini ta'minlashga oid belgilangan vazifalar ijrosi doirasida respublika prokuratura organlarining sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida xizmat qilayotgan xodimlar uchun navbatdagi malaka oshirish kursi boshlandi.

Mazkur malaka oshirish kursi aralash ta'limning “3+1” tizimi asosida tashkil etilgan bo'lib, 108 soat masofaviy o'qitish va 36 soat auditoriya mashg'ulotlari tarzida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo'llagan holda tashkil etilgan.

Malaka oshirish kursida tinglovchilarning o'zlashtirishini kundalik monitoring qilib borilishi hamda sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida xizmat qilayotgan xodimlarning to'liq qamrab olinishini ta'minlash maqsadida 9 ta maqsadli guruh tuzildi.

Kurs dasturi prokuratura faoliyatining umumiy masalalari, shuningdek jinoyat, fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarda, iqtisodiy va ma'muriy sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash masalalarini qamrab olgan bo'lib, tinglovchilarning mazkur yo'nalishlaridagi nazariy bilim va ko'nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan mashg'ulotlardan tarkib topgan.

Malaka oshirish kursining yakuniy bosqichida tinglovchilarning masofadan o'zlashtirgan bilim va ko'nikmalari bevosita auditoriya mashg'ulotlari jarayonida trening hamda o'qitishning interfaol uslublaridan foydalangan holda, muammoli-vaziyatli holatlarni tahlil qilish va kazuslar yechimini topish vositasida mustahkamlanib, tinglovchilarning kurs dasturini o'zlashtirish darajasi baholanadi.

Kursni sifatli tashkil etish va o'tkazish maqsadida o'quv kursining o'tkazilish tartibi, amaliy topshiriqlarni bajarish qoidalari yuzasidan tinglovchilar bilan videokonferensaloqa orqali vebinar-trening o'tkazildi va ularning Akademiya professor-o'qituvchilari bilan doimiy aloqada bo'lish imkoniyatlarini ta'minlash choralari ko'rildi.