Namangan viloyat prokuraturasi tezkor xodimlari uchun maxsus malaka oshirish kursi

Akademiya tomonidan Namangan viloyat prokuraturasining sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida xizmat qilayotgan tezkor xodimlari uchun maxsus malaka oshirish kursi tashkil etildi.

Mazkur malaka oshirish kursi masofaviy ta'limning “4+0” tizimi asosida ilk marotaba tashkil etilgan bo'lib, davomiyligi 144 soat bo'lgan o'quv mashg'ulotlari to'lig'icha masofadan o'zlashtirilishi belgilandi. Bu o'z navbatida viloyat prokuraturasi xodimlariga asosiy ish joyidan umuman ajralmagan holda malaka oshirish imkonini beradi.

Kurs dasturini shakllantirishda prokuratura faoliyatining umumiy masalalari bilan bir qatorda jinoyat, fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarda, iqtisodiy va ma'muriy sudlarda prokuror vakolatini ta'minlashning o'ziga xos masalalari aks ettirildi. Tinglovchilar bilim va ko'nikmalarini avtomatik tarzda tekshirib borilishi uchun topshiriq va kazuslar joylashtirildi.

Malaka oshirish o'quv kursi yakunida egallangan bilim va ko'nikmalarni hamda tinglovchilarning kurs dasturini o'zlashtirish darajasini baholash maqsadida Akademiya professor-o'qituvchilaridan iborat komissiya tomonidan bevosita hududga chiqish va tinglovchilarning kurs dasturini o'zlashtirish darajasini aniqlash rejalashtirilgan.

Malaka oshirish kursi o'quv dasturining o'tkazilish tartibi, amaliy topshiriqlarni bajarish qoidalari, tinglovchilarning Akademiya bilan doimiy aloqada bo'lish imkoniyatlarini ta'minlash choralari yuzasidan tinglovchilar videokonferensaloqa orqali o'tkazilgan vebinar-trening jarayonida tushuntirishlar berildi.