Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish choralari

Bosh prokuratura Akademiyasida “Samarali boshqaruv” guruhining barqaror rivojlanish maqsadlari, jumladan 16-maqsad va u bilan bog'liq 5, 10 va 17-son maqsad vazifalarini amalga oshirish bo'yicha ayrim masalalarni ko'rib chiqish va hal qilish maqsadida navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Tadbirda Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qo'mitasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligi va BMT agentliklari xodimlari ishtirok etdilar.

Vazirlik va idoralar vakillari BMT agentliklari xodimlari bilan birgalikda barqaror rivojlanish bo'yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan ishlarni tashkil qilish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv davomida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi 841-sonli qaroriga muvofiq tegishli vazifalarni amalga oshirish uchun biriktirilgan mas'ul organlar ishini tashkil etishning yangi mexanizmi muhokama qilindi. Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan tarmoq, mintaqaviy hamda maqsadli rivojlanish dasturlari, strategiya va konsepsiyalarni ishlab chiqishda Milliy maqsad hamda vazifalarni e'tiborga olish borasida kelishuvga erishildi.