Prokuratura organlari tergov xodimlari malakasini oshirish masofaviy kursi boshlandi

2020 yil 18 mart kuni Bosh prokuratura Hay'ati yig'ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan tashkil etilgan prokuratura organlari tergov xodimlari malakasini oshirish kursi boshlandi.

Mazkur qisqa muddatli malaka oshirish kursi tinglovchilar asosiy ish joyidan ajralmagan holda to'liq masofadan amalga oshiriladi.

Kurs dasturi qasddan odam o'ldirish jinoyatlari, fuqarolar bedarak yo'qolganligi va shaxsi noma'lum murdalar aniqlanganligi holatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o'tkazishning dolzarb masalalarini qamrab olgan.

Tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov masalalari bo'yicha tinglovchilar ehtiyojlarini inobatga olgan holda o'quv mavzularining ishlanganligi kursning amaliy ahamiyatini oshiradi.

Masofaviy kurs dasturining amalga oshirilishi tartibi, amaliy topshiriqlarni bajarish hamda oraliq nazoratni topshirish qoidalari, tinglovchilarning kurs ma'murlari bilan doimiy aloqada bo'lish imkoniyatini ta'minlash choralari yuzasidan tinglovchilar audiokonferentsaloqa tarzida tashkil etilgan seminar jarayonida xabardor etildi.