Bosh prokuratura Akademiyasining Qoraqapog'iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida navbatdagi sayyor tadbirlari

Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyati prokuratura va ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini o'rganish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ta'minlash sohalarida amaliy yordam ko'rsatishga qaratilgan navbatdagi sayyor tadbirlar o'tkazildi.

O'tkazilgan tadbirlar doirasida ekspert-tahlil guruhlar a'zolari bilan uchrashuvlar o'tkazilib, muammoli masalalar muhokama qilindi, ekspert-tahlil guruhlari faoliyatida axborot texnologiyalarini qo'llagan holda huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda prokuratura, ichki ishlar organlari, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorlikni amalga oshirish metodlari ishlab chiqildi. Har bir tumanda sodir etilgan jinoyatlarning xususiyatlari, shuningdek, ular sodir etilishining asosiy sabablari tahlil qilindi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar hamda Savdo-sanoat palatalari vakillari uchun tadbirkorlik sohasida korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida yaratilgan “Biznes sarbon” mobil ilovasining taqdimoti bo'lib o'tdi, ushbu ilova mintaqalarda biznesni qulay yuritish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish hamda kengaytirish bilan bog'liq eng muhim yo'nalishlarda ma'lumot olishga mo'ljallangan.

Shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Sport vazirligining trener-o'qituvchilar tarkibi bilan ochiq muloqot o'tkazilib, unda sportchilar o'rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, o'sib kelayotgan yosh avlod o'rtasida huquqbuzarliklar, zo'ravonlik va giyohvand moddalar iste'mol qilishning oldini olish usuli sifatida yoshlarni sportga jalb qilish, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish bo'yicha o'quv-metodik dasturlarni kengaytirishga bo'lgan ehtiyoj muhokama qilindi. Asosiy e'tibor sportning kuch ishlatish bilan bog'liq hamda yakkakurash turlari bilan shug'ullanuvchi sportchilar tomonidan zo'ravonlik sodir etilishining oldini olish muammosi yechimiga qaratildi.